2021-yil 31-may kuni A-FA-2019-9 shifrli “Qadimiy yozma noyob qo‘lyozma va manbalarni tadqiq qilish, ularning raqamlashtirilgan bibliotekasini yaratish” amaliy loyihasi rahbari, f.f.d. A.O‘razboyev tomonidan viloyat aholisi qo‘lida saqlanayotgan 17 ta qo‘lyozma, bitta toshbosma kitob aniqlanib, akademiyaga keltirildi hamda grant bazasiga olish uchun raqamlashtirishga topshirildi. Ushbu noyob topilmalarni aniqlash hamda mulk egalarini kitoblarning elektron nusxasini yaratishga ruxsatini olishda Urganch davlat universitet qoshidagi Akademik litsey o‘qituvchisi o‘zbek adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktorligi ishini yakunlagan Maqsuda Jammatovaning xizmatlari katta bo‘ldi. Akademiya rahbariyati grant rahbari arizasiga binoan, M.Jammatovaga tadqiqot jarayonida uning ilmiy ishlaridan foydalanilgani hamda grant bazasiga 17 noyob manbani jalb qilishdagi xizmatlari xususida ma’lumotnoma taqdim qildi.
Kelgusida grant ilmiy xodimlari “Aholi fondi katalogi”da ushbu kitoblarning mukammal tavsifini e’lon qiladilar. Ta`kidlash joizki, bu kitoblarning ko‘pchiligi yagona nusxadagi hali nashr qilinmagan Xorazm xalq dostonlaridir. Ularning ichida Huvaydo devoni, “Qissai Mashrab”ning noyob qo‘lyozmalari ham mavjud.