Bugun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi. Vazir tashrif chogʻida UrDU rektori Baxrom Abullayev boshchiligida universitet rahbar xodimlari hamda bir guruh professor-oʻqituvchilar hamrohligida 2000 o‘ringa mo‘ljallangan 7 qavatli “Smart” o‘quv binosi qurilishi ishlarini borib koʻrdi, quruvchilar bilan suhbatda boʻldi, bino loyihasi bilan yaqindan tanishdi va gʻisht qoʻyish marosimida ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu o‘quv binosidan 51 ta o‘quv auditoriya, fizika va biologiya yo‘nalishlariga moslashtirilgan 12 ta zamonaviy o‘quv-laboratoriya, 8 ta 100 o‘rinli ma’ruza zallari, 7 ta kompyuter xonasi, kutubxonalar, dekanat, kafedra mudiri va o‘qituvchilar xonalari o‘rin oladi.
Binoning yerto‘la qismida talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli klub va to‘garaklar hamda ta’lim xizmatlari tashkil etiladi.
O‘quv binosini joriy yil yakunida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.


