Bugun, 20-aprel kuni Urganch davlat universiteti tomonidan “Ulli hovli” majmuasiga Media-tur tashkil etildi.
Ushbu Media-turda Tabiiy fanlar fakultetining professor-o`qituvchilari, tyutorlari va Biologiya, Geografiya, Kimyo yoʻnalishlarining talaba-yoshlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Media-turga tashrif buyurganlarni O'zbek-turkman do'stlik jamiyatining xodimi kutib olib, tarixiy obida boʻylab sayohatga boshladi. Sayohat davomida ushbu obidani tarixi, bunyod etilishi bilan bogʻliq bir-biridan qiziqarli maʼlumotlar berib bordi.
Ikki davlat oʻrtasida qoʻshnichilik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida barpo etilgan «Ulli hovli» majmuasi tarixiy obidalardan biridir. XVII asrda qurilgan majmuada qadimiy hovlilar, turkman madaniyatiga oid osori-atiqalar, ularni o‘rab turgan qo‘rg‘on saqlanib qolgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yerda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Yigirma o‘rinli mehmonxona qurildi. Turkman o‘tovlari o‘rnatildi. Sayyohlik va ziyorat turizmi uchun barcha sharoit yaratildi.
Hozirda devor bilan o‘ralgan qalʼa o‘tmishga nazar tashlab, ikki xalq madaniyatini o‘rganishni istagan har bir kishi uchun doim ochiqdir. Bu yerda deyarli har kuni o‘zbek va turkman madaniyatiga oid qo‘shiq va raqslar, konsertlar o‘tkaziladi.
Qalʼada siz tuyalar va otlarni minishingiz, hunarmandchilik ustaxonalari va galereyalarni aylanib o‘tishingiz va o‘zbek o‘tovlarida ovqatlanishingiz mumkin.
Ushbu obida talabalarda katta taassurot qoldirgani shubhasiz!



