Bugun, 24-may kuni Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida Xorijiy filologiya fakulteti “Roman--german filologiyasi” kafedrasi professor –oʻqituvchilari hamda 201/203-guruh ingliz tili taʼlim yoʻnalishi talabalari tomonidan “India study day” xalqaro tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbirga prof. J.Ermetova moderatorlik qildi. Tadbirda ZOOM platformasi orqali xorijlik mehmonlar ham ishtirok etdilar.
Tadbir Bahadur Lal Shastri nomli Hindiston markazining Sanskrit lugʻatini Urganch davlat universiteti professori Atabay Jumaniyozovga topshirish bilan boshlandi.
Shundan soʻng, professor “Sanskrit-bobo til” mavzusida maʼruza qildi. Shogirdi D.Jumaniyozova esa “Sanskrit tilidan oʻzlashgan soʻzlarning farqli va oʻxshash tomonlari” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot ishining amaliy qismi tahlillarini keltirib, tadbir ishtirokchilariga qiziqarli maʼlumotlar berdi.
Tadbirning badiiy qismida bir guruh isteʼdodli talabalar oʻzlari tayyorlagan hindcha raqs va Hindiston xalqining milliy eposi “Mahabharata”dan parchani yigʻilganlar eʼtiboriga namoyish qildilar.
Shuningdek, tadbirda doirasida “Siz Hindistonni bilasizmi ?” nomli viktorina ham oʻtkazilib, savollarga toʻgʻri javob bergan talabalarga esdalik sovgʻalar berildi.
Tadbir nafaqat talabalar, balki hindistonlik mehmonlar tomonidan ham iliq kutib olindi va kelajakda ikki xalq madaniyati, anʼanalari hamda urf-odatlarini oʻzida mujassam etadigan koʻplab tadbirlar oʻtkazilishi taʼkidlandi.




