Eron Islom Respublikasi  elchisi Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi

Kecha, 14-oktabr sanasida Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayyirobodiy Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi. UrDU rektori B.Abdullayev boshchiligida bir guruh masʼullar hurmatli mehmonni iliq kutib oldilar.

Muloqot chog‘ida  Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik aloqalari qadimiyligi taʼkidlanib, ayniqsa, Xorazm va Eronni bog‘lab turguvchi madaniy, ma‘naviy va qadimiy an‘analar mushtarakligi, Pahlavon Mahmud singari buyuk ajdodlarimiz forsiy merosida ham bu jihatlar o‘z aksini topganligi alohida e‘tirof etildi. 

UrDU rektori B.Abdullayev Urganch davlat universitetining bugungi kundagi faoliyati va xalqaro hamkorlik aloqalari bilan tanishtirar ekan, Eron oliy ta‘lim muassasalari bilan ham hamkorlik o‘rnatish istagini bildirib, o‘zining qator takliflarini aytib o‘tdi. 

Janob Hamid Nayyirobodiy Urganch davlat universitetida fors tili kafedrasini ochish, ushbu tilni talaba-yoshlarga o‘rgatishni rivojlantirish, Eron oliy ta‘lim muassasalaridan o‘qituvchilar jalb qilish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qolaversa, ilmiy sohadagi hamkorlikni o‘rnatish haqida bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatladi va bu borada o‘z yordamini ayamasligini bildirdi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar bir-birlariga ikki xalqning o‘zligini, milliy qadriyat va ana‘analarini aks ettiruvchi, ijtimoiy-siyosiy harakterdagi esdalik kitoblarini tadqim etdilar.