Assalomu alaykum, hurmatli universitet jamoasi!
O'lkamizga yangilanish, yasharish va mehri-oqibati timsoli bo'lgan bahor fasli kirib kelishi bilan mamlakatimiz bo'ylab orziqib kutilgan Navroʻzi olam ham bo'y ko'rsatadi. Ming yillar davomida maʼnaviy hayotimizning koʻrk-u ziynati boʻlib kelayotgan bu ajoyib, xosiyatli bayram bu yil "Har kuning Navroʻz bo'lsin, go'zal O'zbekistonim!" shiori ostida keng nishonlanmoqda.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va yangilanishlar aynan shu ulugʻ maqsadga – har kunimiz Navroʻz boʻlishiga, yaʼni, xalqimiz hayotining obod va farovon boʻlishiga, oʻtayotgan kunidan rozi boʻlib yashashga qaratilganini barchamiz yaxshi bilamiz.
Aziz va hurmatli professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar!
Shu fursatdan foydalanib, barchangizni mana shu goʻzal, tarovatli Navroʻz ayyomi bilan chin dildan tabriklayman. Barchangizga, avvalo, sogʻlik va omonlik, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, baxt-saodat tilab qolaman. Ilmiy va pedagogik faoliyatingizda, oʻqishlaringizda omad yor boʻlsin. Navroʻzi olamning hayotbaxsh nuri qalbingizni aslo tark etmasin. Hayotingiz bahor tongidek tiniq, baxtli va farovon boʻlsin!
Navroʻzi olam barchamizga muborak boʻlsin!
Baxrom Abdullayev
Urganch davlat universiteti rektori