Urganch davlat universiteti talabalari “Ideathon” tanlovida faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi

2025-yil 28–29 aprel kunlari Xorazm viloyatida startap ekotizimini rivojlantirish va yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ideathon” tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi, IT Park Xorazm viloyati filiali hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali ko‘magida tashkil etildi.

Mazkur tanlovda Urganch davlat universiteti Fizika-matematika fakulteti “Fizik innovator” to‘garagi a’zolari — Fizika ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Eshimetova Shahnoza hamda Axborot xavfsizligi ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Allaberganov Faridunbek o‘z loyihalari bilan faol ishtirok etishdi. Ularning loyihasi hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholanib, jamoa faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblarga mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov topshirdi.

Ushbu yutuq Urganch davlat universiteti talabalari zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida faol ishtirok etayotganini, shuningdek, mamlakatimizda raqamli transformatsiyaga o‘z hissasini qo‘shayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.