Joriy yil 10-aprel kuni Fransiyaning Puatye universiteti Adabiyot va tillar fakulteti dekani Hélène Yèche va ushbu fakultet professori Charlotte Krauss Urganch davlat universitetida boʻldi.
Taʼkidlash joizki, Urganch davlat universiteti va Puatye universiteti oʻrtasida 2018-yildan buyon hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan boʻlib, har yili akademik mobilliklar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayniqsa, 2022-yilda Fransiyada oʻtkazilgan Fransiya-Oʻzbekiston universitetlari II forumi doirasidagi istiqbolli shartnomalar ikki universitet oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni yanada mustahkamladi.
Tashrif avvalida mehmonlarning universitet rahbaiyati bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Rasmiy muzokaralarda UrDU rektori B.Abdullayev boshchiligida Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor S.Xodjaniyozov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor Z.Ibragimov, Xorijiy filologiya fakulteti dekani Z.Jumaniyozov, Xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi E.Yoʻldoshevlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda rektor B.Abdullayev Fransiya oliy oʻquv yurtlari bilan aloqalar haqida gapirar ekan, universitet jamoasi Puatye universitetiga alohida qiziqishi borligini va hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini eʼtirof etdi. Soʻzi davomida Fransiya-Oʻzbekiston taʻlim forumi doirasi oʻlaroq, Urganch davlat universiteti koʻplab manfaatli kelishuvlarga erishganligini taʼkidladi. Puatye universiteti bilan esa azaldan hamkorlik mavjudligini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, mehmonlarga Urganch davlat universiteti haqida koʻplab maʼlumotlar berdi.
Oʻz oʻrnida mehmonlar ham doʻstona va iliq kutib olinganliklari uchun minnatdorchilik bildirib, Urganch davlat universiteti bilan hamkorlikni kengaytirish istagida ekanliklarini bildirishdi.
Muloqot davomida ikki universitet oʻrtagidagi aloqalarni mustahkamlash, Yevropa ittifoqining Erasmus+ loyihasi dasturlari doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish borasida fikrlar bildirilib, magistraturada Lingvistika (fransuz tili), Sinxron tarjima va Tarjima nazariyasi (ingliz, nemis va fransuz tili) boʻyicha qoʻshma taʼlimni yoʻlga qoʻyish, akademik mobilliklarni amalga oshirishga kelishib olindi.