Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Urganch davlat universiteti Filologiya fakultetida bir vaqtning oʻzida 4 nafar xorijiy va respublikamizdan tashrif buyurgan olimlar, jumladan, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Nizomiy Ganjaviy nomidagi "Ozarbayjon-Turkmaniston-O'zbekiston adabiy aloqalari" shoʻbasining mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Almaz Ulvi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, folklorshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor J.Eshonqulov, adabiyotshunos olim, bolalar adabiyoti mutaxassisi, professor R.Barakayev va Qo'qon davlat pedagogika instituti professori Z.Qobilovalar oʻzaro hamkorlik doirasida fakultet talabalariga dars mashgʻulotlarini olib bormoqdalar.
Bugun, 28-aprel kuni mehmonlar Filologiya fakulteti dekani D.Gʻayipov va “Boshlangich taʼlim metodikasi” kafedrasi mudiri S.Allaberganova hamrohligida UrDU rektori B.Abdullayev bilan uchrashdilar.
Muloqotda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda yozgi maktablarni tashkil qilish, shuningdek, Respublika oliy taʼlim muassasalari bilan ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, talabalar va professor-oʼqituvchilar almashinuvini kengaytirish borasida istiqbolli rejalar belgilab olindi.
Samimiy ruhda kechgan suhbat yakunida rektor B.Abdullayev olimlarga ushbu tashrifi uchun chuqur minnatdorlik bildirib, tashakkurnoma va esdalik sovgʼalarini topshirdi.