Buyuk mutafakkir, qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Abu Rayhon Beruniy” romani Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi hamkorligida chop etildi.
Ushbu asar buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatiga bagʻishlab yaratilgan tarixiy-biografik roman yurtimizda Birinchi Renessansning yuzaga kelish sabablari va shart-sharoitlari, ulugʻ mutafakkir bobomizning porloq shaxsiyati, yoshlarimizga oʻrnak boʻladigan jihatlari haqida hikoya qiladi.
Shuningdek, asarda Movarounnahr va Xurosonda yuz bergan tarixiy voqealar, jasur va mard sarkardalar Alptegin, Sabuktegin, sulton Mahmud va Masʼud Gʻaznaviylar hayotiga oid voqealar qiziqarli tarzda bayon etilgan.
Bugun, 26-may kuni Filologiya fakulteti tomonidan universitet miqyosida o'tkazilib kelinayotgan "Kitobxon talaba" ko'rik-tanlovining navbatdagi soni aynan “Abu Rayhon Beruniy” romani hamda Paulo Koeloning “Alkimyogar” asari yuzasidan tuzilgan shartlar asosida o'tkazildi.
Qayd etish joizki, tanlovning birinchi bosqichi shu yilning 23-may sanasida yuqoridagi asarlar yuzasidan tuzilgan test sinovi asosida 50 nafardan ortiq talabalar ishtirokida bo'lib o'tgan edi. Ushbu 1-bosqichida g'olib bo'lgan 10 nafar talaba bugun 2-bosqichda 2 shart asosida o'zaro badiiy maydonda kuch sinashdilar.
Kitobxonlik madaniyatini yoshlar orasida keng targ'ib qilishni maqsad qilgan mazkur tanlovning bahs-munozaraga boy jarayonlari, shuningdek, 208-guruh talabalari tomonidan tayyorlangan Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodi aks etgan taqdimot, yozuvchi Isajon Sulton faoliyati yuzasidan tayyorlangan videorolik, sahna ko'rinishlari hamda go'zal raqs va kuy-qo'shiqlar tomoshabinlarda ko'tarinki kayfiyat uyg'otdi.
Quvonarlisi shuki, "Abu Rayhon Beruniy" asari bo'yicha namoyish qilingan sahna ko'rinishlar tanlovga tomoshabin sifatida tashrif buyurgan talabalarda ulkan taassurot qoldiribgina qolmay, ushbu asar bilan yaqindan tanishish uchun katta imkoniyat yaratdi.
Adabiyotsevar talabalar ishtirokida ijodiy ruhda boʻlib oʻtgan har bir shart hakamlar hay'ati tomonidan munosib baholab borildi.
Yakunda Filologiya fakulteti dekani D.Gʻayipov tanlov g'oliblariga diplom hamda esdalik sovg'alarini topshirdi.