Oʻzbekiston xalq artisti, Xorazm bulbuli Ogʻabek Sobirov oʻzining yorqin isteʼdodi, serqirra ijodi, betakror kuy-qoʻshiqlari bilan nafaqat Xorazm balki, butun Respublikamiz ahlining qalbidan chuqur joy egallagani hech kimga sir emas. Elimiz suygan xofiz 2018-2023 yillarda Urganch davlat universiteti Musiqa taʼlimi yoʼnalishining bakalavr (sirtqi) bosqichida tahsil oldi. 5 yillik taʼlimni muvaffaqiyatli tamomlagan faxrli talabamizga bugun universitet rektori Baxrom Abdullayev diplomini topshirdi.
Ushbu yutuq bilan sevimli sanʼatkorimiz Ogʻabek Sobirovni chin dildan muborakbod etamiz, keyingi faoliyatida ham muvaffaqiyat tilaymiz. Yurtimizning sanʼati va madaniyati rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, xalq xizmatiga hamisha kamarbasta inson oliygohimiz bitkazuvchisi ekanligi hamisha bizni faxr va iftixorga toʻldiradi.