Dunyodagi minglab kasblar orasida eng buyuk kasb – bu o’qituvchilik kasbidir. Chunki, o’qituvchilik toki hayot bor ekan, o’zining ma’no-mazmunini va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yo’qotmaydi. Bugungi bayram dasturidan oʻrin olgan har bir badiiy chiqishda ana shu oʻzbekona qadriyat mujassam boʻldi.
“1-oktabr –O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Urganch davlat universitetida tashkil etilgan bayram tadbirida universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, tyutorlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Bayram dasturini rektor Baxrom Abdullayev tabrik so‘zi bilan ochib berib, Urganch davlat universitetining koʻp sonli professor-o‘qituvchilar jamoasini qizgʻin muborakbod etib, kelgusi faoliyatlarida kuch-quvvat tiladi.
Badiiy chiqishlarda Oʼzbek filologiyasi hamda Sport va sanʼat fakultetining bir guruh iqtidorli, isteʼdodli talabalari bor mahorati ila sheʼr va ashulalari, kuy va qoʻshiqlari, goʻzal raqslari bilan tadbir qatnashchilarini dilini xushnud qilib, bayram shukuhini bagʻishladilar.
Tadbir yakunida bir guruh ustozlar ta’lim sohasida samarali mehnat qilib, talaba-yoshlarning zamon talablari asosida kasb-hunar egallashi yo‘lida, ularni yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi fidoiyligi, kelajak avlodga ibrat maktabi bo‘luvchi shijoati uchun faxriy yorliq va Kasaba uyushmasi tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.