URGANCH DAVLAT UNIVERSITETIDA “5000 QADAM” PIYODA YURISH MARSHI O’TKAZILDI

Yurtimizda sog’lom turmush tarzini shakllantirish, turli kasalliklarning oldini olish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishga jalb qilish, ommaviy sportning inson hayotidagi muhim ahamiyatini targ’ib etish borasida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi hamda 9-dekabr – “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan Urganch davlat universitetida bugun erta tongdan “Yoshlar korrupsiyaga qarshi” shiori ostida “5000 qadam” piyoda yurish marafoni o’tkazildi. 

Unda universitet rahbariyati, professor- o’qituvchilari, tyutorlar hamda talaba-yoshlardan iborat 1000 nafarga yaqin oliygoh jamoasi ishtirok etdi. Piyoda yurish marshiga universitet maydonida start berildi. Ishtirokchilar belgilangan masofani yuqori kayfiyatda bosib o’tishdi.