Akademik Saidaxror Gulyamov  Urganch davlat universitetida maʼruza qildi

Bugun, 10-iyun sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  huzuridagi Statistika agentligi kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutining “Raqamli iqtisodiyot” kafedrasi mudiri, i.f.d., akademik, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Saidaxror Gulyamov Urganch davlat universitetida boʻlib, oliygohning  professor-oʻqituvchilari va iqtidorli talabalariga “Yangi O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirishda sifatli taʼlimning roli” mavzusida maʼruza qildi.  Uchrashuvni Urganch davlat universiteti rektori Baxrom Abdullayev kirish soʻzi bilan ochib berdi. 

Akademik Saidaxror Gulyamov oʻz maʼruzasida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev  islohotlariga atroflicha toʻxtaldi. Xususan, ““Raqamli O‘zbekiston—2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, “Sun’iy Intellekt”  strategiyasining qabul qilinishi, ta’lim islohotlari, o‘qituvchi va boshqa byudjet xodimlarining majburiy mehnatdan ozod qilinishi, maktablarga va oliy ta’lim muassasalariga qaratilayotgan eʼtibor,  boshqaruv tizimining strukturasi optimallashtirilishi singari ko‘plab masalalar haqida soʻz yuritdi.

Shuningdek, ilm-fan va innovatsion texnologiyalar rivojlanib borayotgan davrda kelgusida talab oshadigan va talab qisqaradigan kasblar borasida gapirib, zamonga mos va yetuk saloyihatga ega yoshlar bo‘lib shakllanishida talab etiluvchi ko‘nikmalar yuzasidan taqdimot asosida oʻzining teran fikrlarini bildirdi. 

Maʼruza yakunida Urganch davlat universiteti rektori Baxrom Abdullayev mazmunli va yuksak fikr-mulohazalarga boy uchrashuv uchun universitet professor-oʻqituvchilari nomidan tashakkur bildirdi.