Ozarbayjon markaziy ilmiy kutubxonasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

Ayni paytda Urganch davlat universiteti Axborot resurs markazi direktori X.Siddiqov Ozarbayjon Respublikasining poytaxti Baku shahrida joylashgan Ozarbayjon markaziy ilmiy kutubxonasida xizmat safarida boʻlib turibdi. Bir yarim milliondan ortiq kitob fondiga ega mazkur ilmiy kutubxonaga tashrif doirasida Ozarbayjon markaziy ilmiy kutubxonasi va Urganch davlat universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Endilikda universitet professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrlar, ilmiy izlanuvchilar va talabalar ilmiy tadqiqot ishlari yuzasidan ushbu kutubxonaning boy ilmiy fondidan foydalanish imkoniga ega boʻldilar.  Shuningdek, ushbu kelishuv ilmiy tadqiqot faoliyatini olib borishda koʻplab imkoniyatlarni taqdim etadi.

Bugun, 20-iyun kuni Urganch davlat universiteti rahbariyati hamda Ozarbayjon markaziy ilmiy kutubxonasi bosh direktori G.Gariyev va xodimlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda har ikki tomon uchun manfaatli bo’lgan memorandumni imzolashdan ko’zlangan maqsad va uning kelgusida ikki qardosh xalq o’rtasida do’stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga, ilmiy salohiyatni yuksaltirishga qaratilgan istiqbollari to’g’risida so’z yuritildi. 

Oʼrnatilgan ushbu hamkorlik boy ilmiy-madaniy merosi va uzoq yillik tarixiy mushtaraklikka ega  boʻlgan ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi ilmiy va maʼrifiy aloqalarni yanada mustahkamlashiga aminmiz.