Bugun "Qovun sayli" festivalini oʻtkazish boʻyicha tayinlov komissiyasi sayyor guruhi rahbari J.Oʻtamov boshchiligida komissiya a’zolari sayil davomida xalqimizga va viloyatimiz sayyohlari eʼtiboriga havola etiladigan mahsulotlarni baholash maqsadida Kimyoviy texnologiyalar fakultetiga tashrif buyurishdi. Komissiya aʼzolariga Urganch davlat universiteti rektori B.Abdullayev hamda professor M.Jumaniyozov tomonidan koʻrgazmaga qoʻyiladigan har bir mahsulot yaqindan tanishtirildi.
Ayniqsa, koʻrgazmadan joy olgan qovundan kukun, qovun va tarvuzdan asallar, qovun va zamchadan pyure, qovundan muss, qovunli likyor, qiyomli qovun, tuzlangan qovun va tarvuz, qovunli yogurt, melonpan, tarvuzli va qovunli kvas, qovun shakari hamda qovun urug‘idan xolva singari yangi mahsulotlar mehmonlar eʼtiborini tortdi.
Komissiya aʼzolari jahon standartlariga toʻla javob bera oladigan mahsulotlarning yaratilish texnologiyalari bilan tanishibgina qolmay, Urganch davlat universiteti Qovunchilik boʻlimining bugungi kundagi faoliyati hamda universitet olimlari tomonidan qovunning 100 dan ortiq navini qayta tiklashga erishilgani haqidagi maʼlumotlar ega boʻldilar. Shu bilan birga, universitet qoshidagi Xorazm innovatsion texnoparkining ishlab chiqarish ustaxonalari faoliyati bilan ham tanishdilar.