O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi hamda Urganch davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Joriy yilning 19-dekabr kuni O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi direktori, t.f.n. S.Niyazbekov boshchiligida markazning bir guruh vakillari Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif asnosida oliygoh rektori v.v.b. S.Xodjaniyazov, prorektorlar, tegishli fakultet dekanlari va bo‘lim boshliqlarining rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida ikki ta’lim muassasasining imkoniyatlari, ilmiy salohiyati, sharoitlari haqida ma’lumotlar almashilib, kelgusida ikkala tomon uchun ham samarali bo’lishi kutilayotgan rejalar muhokama etildi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijasi o‘laroq,  oliy ta’lim tizimi va mazmunini zamonamizning eng muhim va dolzarb vazifalarini yechish, yo‘nalishlar kesimida yetuk, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash yuzasidan ish tajribalari va axborotlar bilan doimiy almashib turishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu memorandum hamkorlikda o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish, markazda yaratilgan eng yangi nazariy va amaliy adabiyotlar bilan universitetni ta’minlash, markazning ilmiy tadqiqot laboratoriyasida universitet yosh olimlari va professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish va natijalari asosida Scopus bazasiga kirgan jurnallarda maqolalar chop qilish, ilmiy tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqarishni rivojlantirish va konchilik sohasidagi ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha hamkorlik qilish singari qator masalalarni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi direktori, t.f.n. S.Niyazbekov boshchiligida markazning bir guruh vakillari rasmiy uchrashuvdan soʻng, Urganch davlat universitetining sharoitlari, moddiy texnik bazasi bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, universitet rahbariyati hamrohligida 5-o‘quv binosidagi laboratoriyalarni, o'quv va maʼruza xonalarini borib ko‘rdilar, Registrator ofis faoliyati bilan tanishdilar.