“Voltalia Tashkent”  kompaniyasi va Urganch davlat universiteti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi

Bugun, 8-aprel kuni  “Voltalia Tashkent”  kompaniyasining bosh direktori Kerol Pontais va kompaniya vakillaridan iborat guruh Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida rektor v.v.b. S.Xodjaniyozov boshchiligidagi oliygoh rahbariyati bilan muzokaralar olib borildi.  

Aytish joizki, “Voltalia Tashkent” — bu xalqaro qayta tiklanuvchi energiya kompaniyasi Voltalianing O‘zbekistondagi vakolatxonasi bo‘lib, 2023-yil 13-iyulda Toshkent shahrida tashkil etilgan.  “Voltalia Tashkent” kompaniyasi O‘zbekiston hukumati tomonidan belgilangan 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha rejalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Kompaniya quyosh, shamol va batareya saqlash texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatda ekologik toza va arzon elektr energiyasini ishlab chiqarishni maqsad qilgan.  Ayni paytda Xorazm viloayida “100 MW quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi” loyihasini amalga oshirmoqda.

O‘zaro muhokamlardan so‘ng, ikki tomon o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, Urganch davlat universitetining  bakalavr va magistr talabalari uchun ushbu kompaniya bilan birgalikda o‘quv dasturlari tayyorlash va birgalikda qayta tiklanuvchi energiya sohasida mutaxassislar tayyorlashga kelishib olindi. 

Qolaversa, “Voltalia” texnik kasbiy ta'lim dasturlarini ishlab chiqish orqali yosh bitiruvchilarga o‘z sohasiga oid zamonaviy ko‘nikmalar va bilimlar berish bo‘yicha hamkorlikni amalga oshiradi. Bu mutaxassislarning mehnat bozoriga tayyorlanishlarini ta'minlashga yordam beradi. Shuningdek, Urganch davlat universiteti  bakalavr va magistr darajasidagi talabalar uchun amaliyot va trening jarayonlarini tashkil etishni ta'minlashga kelishib oldi. Bu esa talabalar uchun energiya sohasida chuqur bilim olish va amaliy ko‘nikmalarni egallash imkonini yaratadi.