Bugun, 9-iyul kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida yoshlar bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida “Karyera kuni” bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi hamda “Biznes marafon” seminar-treninglari tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – talabalar va yosh mutaxassislarni bozor talablariga mos ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish. Yarmarkada viloyatdagi o‘nlab korxona va muassasalar ishtirok etdi va yuzlab bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi!
“Biznes marafon”ni viloyat hokimi o’rinbosari S.Salayev hamda oliygoh rektori v.v.b S.Xodjaniyazovlar kirish so’z bilan ochib berib, biznes marafonlar zamonaviy iqtisodiyotning muhim qismi hisoblanishi, ular innovatsiyalarni rag‘batlantirish, yangi bizneslarni rivojlantirish va mamlakatimizning iqtisodiy farovonligini oshirishga xizmat qilishini etirof etishdi.
Tashkil etilgan treningda muvaffaqiyatga erishgan taniqli tadbirkorlar, jumladan, “New best style” MCHJ rahbari D.Xojiyev, “Data union” MCHJ rahbari Sh.Sobirov, "Tilla domor" oilaviy korxona rahbari F.Quranbayev hamda “Sevinch medical centre” oilaviy korxona rahbari Sh.Yuldashevalar ishtirok etib, yoshlar bilan o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Seminarda qatnashchilar biznesni tashkil etish, moliyaviy boshqaruv, startaplarni rivojlantirish va innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘nikmalarni egalladi.
Seminar-treningda universitet bitiruvchilari faol qatnashib, o‘z savollariga javob oldilar. Shuningdek, o‘zlarining biznes g‘oyalari va rejalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tadbir yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ular uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochdi.
Ushbu “Biznes marafon” yoshlarni o‘z faoliyatini boshlashga rag‘batlantirish, ularni zamonaviy bozor talablariga moslashishga yordam berish va bandligini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.