Professor Baxtiyor Ruzmetovning 75 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya: mintaqani barqaror va kompleks rivojlantirishning zamonaviy muammolari

Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Iqtisodiyot kafedrasi professori, AQShning Nyu-York fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi, mintaqaviy iqtisodiyot sohasida xalqaro ekspert Baxtiyor Ruzmetovning 75 yilligiga bag‘ishlangan “Mintaqani barqaror va kompleks rivojlantirishning zamonaviy muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda xorijdan hamda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan iqtisodiyot sohasining taniqli olimlari, Xorazm viloyati hokimligi vakillari, universitet rahbariyati, Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakultetining professor-oʻqituvchilar jamoasi, talaba-yoshlar, shuningdek, professor B.Ruzmetovning yaqinlari va shogirdlari ishtirok etdi.  

Anjumanning ochilish marosimini Urganch davlat universiteti rektori v.v.b. S.Xodjaniyozov kirish so‘zi bilan ochib berib, B.Ruzmetovning ilm-fan yo‘lidagi xizmatlarini e’tirof etdi. Shuningdek, tadbirda Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari S.Salayev, Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakulteti dekani I.Abdullayev, xorij va respublika oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tabrik so'z bilan ishtirok etdilar, ustozni yubiley bilan tabrikladilar va konferensiyaning dolzarbligi hamda amaliy ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.

Konferensiyada mintaqaviy iqtisodiyot, ijtimoiy infratuzilma, ekologik barqarorlik, innovatsion va raqamli iqtisodiyot, iqtisodiy modellashtirish kabi yo‘nalishlarda olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining soha rivojiga hissasi haqida soʼz yuritdilar. 

Konferensiyaning asosiy maqsadi — global va mintaqaviy o‘zgarishlar sharoitida hududlarning barqaror rivojlanishi bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilg‘or ilmiy g‘oya va takliflarni ilgari surish, hamda xalqaro va mahalliy tajribalarga asoslangan amaliy yechimlarni ishlab chiqishga ko‘maklashishdan iborat.