Yoshlar iste'dodini yuzaga chiqarish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yurtboshimiz Sh.Mirziyoyevning kitobxonlikka qaratilgan tashabbuslarini amalda tadbiq etish, yoshlarning fikrlash doirasini kengaytirish, kelajakda mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo`shadigan yetuk kadrlar bo`lib yetishishlariga ko`maklashish maqsadida 2021-yilning 14-iyun kuni Urganch davlat universiteti Pedagogika fakulteti tomonidan “Yoshlar haftaligi” loyihasiga start berildi.

14-iyundan 20-iyungacha bo‘lib o‘tadigan ushbu loyihaning ochilish marosimida Pedagogika fakulteti dekani J.Yarmetov boshchiligida professor-o`qituvchilar va talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar. Tadbirni Yoshlar masalalari va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha prorektor S.Davletov ochib berib, loyiha doirasidagi barcha tadbirlarga hamda talabalarga muvaffaqiyat tiladi.

“Yoshlar haftaligi” loyihasining ochilish marosimida yangragan kuy-qo`shiqlar loyiha qatnashchilariga bayramona kayfiyat, kuch-g`ayrat hamda shijoat bag`ishladi.
“Yoshlar haftaligi”da quyidagi loyihalarni o`tkazish rejalashtirilgan:
✔️“Do`stimga sovg`a" aksiyasi
✔️Ko`ngilochar dasturlar
✔️Treninglar
✔️Intellektual o`yinlar
✔️Raqslar festivali
✔️“Eng yaxshi haftalik videoroligi” tanlovi
✔️“Eng yaxshi loyiha” tanlovi
✔️Konsert dasturlari

Bugun, 14-iyun kuni “Yoshlar haftaligi” doirasidagi ilk loyiha “Do`stimga sovg`a" aksiyasi bo`lib o`tdi. Unda Pedagogika fakulteti tomonidan yoshlar dunyoqarashini yanada oshirish, yurtboshimizning kitobxonlikka qaratilgan tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash maqsadida kitoblar yarmarkasi tashkil qilinib, “Nihol” nashriyoti tomonidan ko`rgazma o`tkazildi.

Yarmarka davomida talabalar yangi nashr qilingan kitoblar bilan tanishdilar, do`stlariga va yaqinlariga kitob sovg`a qildilar. Shuningdek, o`zlarining shaxsiy kitob javoni uchun ham badiiy adabiyotlar xarid qildilar.
“Yoshlar haftaligi” doirasidagi loyihalar davom etadi.
