Turkiyalik mutaxassislar tomonidan Xorazm viloyati Urganch tumanida tashkil etilgan “InVitro” (intensiv koʻchatlarni payvandlash) laboratoriyasi rahbari Aydin Lal hamda laboratoriya mutaxassisi Yunus Ermelar qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdilar.
Tashrif doirasida UrDU rektori B.Abdullayev, Bioinjeneriya va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti dekani J.Roʻzimov, Tabiiy fanlar fakulteti dekani X.Polvonovlar ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqotda mehmonlar “InVitro” laboratoriyasining imkoniyatlari bilan tanishtirdilar. Uzoq muddat foydalanadigan, mahalliy navlar va turk navlarini payvandlash orqali yangi navlarni yaratish, dunyo standartlariga mos koʻchatlar yetishtirish, issiqxonalar tashkil etish rejalarini aytib, ilmiy-tadqiqot ishlarida universitet mutaxassislarining yordamiga tayanish istagini bildirdilar.
Oʻz oʻrnida rektor B.Abdullayev ham takliflarini bildirdi: issiqxonaga mos yoʻnalish talabalarini oʻqishdan boʻsh paytlarida ishga jalb etish, qishloq xoʻjaligi sohasi boʻyicha universitet huzurida ilmiy tekshirish institutini tashkil etish.
Uchrashuv yakunida mazkur kelishuvlar har ikkala tomon uchun ham samarali boʻlishi taʼkidlandi.