2023-yilning 27-yanvar kuni Fransiyaning hamkor Puatye universiteti vakillari: fransuz tili o‘qituvchisi prof. Corinne Delbart, Chet tillar va adabiyot fakultetining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha dekan oʻrinbosari, ingliz tili o‘qituvchisi prof. Isabelle Millon-Zumstein, Xalqaro hamkorlik bo‘limi xodimi prof. Josselin Madec va prof. Patrice Naudinlardan iborat delegatsiya Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida UrDU rektori B.Abdullayev va prorektorlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda rektor B.Abdullayev keyingi yillarda Fransiya va Oʻzbekiston oʻrtasida taʻlimdagi sezilarli aloqalar kuzatilayotganligi, bu borada Fransiya-Oʻzbekiston taʻlim forumi hamkorlikning yangi pogʻonasi boʻlganligi, forum doirasi oʻlaroq, Urganch davlat universiteti koʻplab manfaatli kelishuvlarga erishganligini eʻtirof etdi. Puatye universiteti bilan esa azaldan hamkorlik mavjudligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oʻz oʻrnida mehmonlarimiz ham mamlakatimiz, ayniqsa, Xorazm vohasi haqidagi iliq fikrlarini bildirib, Urganch davlat universiteti bilan hamisha hamkorlikni kengaytirishga va birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini taʼkidlashdi. Puatye universiteti va Urganch davlat universiteti o‘rtasida talaba va professor-o‘qituvchilar mobilligi doirasida oʻtgan yili iqtisodiyot va fransuz tili yoʻnalishlari boʻyicha 4 nafar talabalar Puatye universitetida oʻqitilganligi aytilib, joriy yilda ham bu kabi almashinuvlarni kengaytirish istagida ekanliklarini bildirdilar.
Shundan soʻng, delegatsiya aʼzolari Urganch davlat universitetining fakultet dekanlari bilan uchrashdilar. Uchrashuvda nafaqat talabalar almashinuvi va professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish, balki ilmiy hamkorlikni, birgalikda nufuzli jurnallarda maqolalar chop etish va qoʻshma taʼlim dasturlarini ham yoʼlga qoʻyish masalasi kelishib olindi.
Delegatsiya aʼzolari 27-30-yanvar kunlari universitetimizda boʻlishlari, talabalar va professor-oʻqituvchilar bilan uchrashuvlar va master-klasslar, shuningdek, tegishli yoʻnalishlar talabalariga dars mashgʻulotlarini olib borishlari kutilmoqda.