Joriy yilning 11-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi oʻtkazildi. Unda bevosita yoshlar bilan ishlash boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi. Jumladan, “Yoshlar balansi” asosida Urganch davlat universiteti rektoriga Shovot tumanidagi nogironligi bor va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning bandligini ta’minlash va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish uchun bir guruh yoshlar biriktirildi.
Ibadullayeva Feruza ana shunday yoshlardan biri. U Shovot tumani Qiyot qishlogʻi “Idali” MFYda istiqomat qiladi. Bir nafar farzandi bor. Yoshligidan sheʼr yozishga, adabiyotga qiziqadi. Ayni paytda uy sharoitida mahalladagi ayollar uchun sartaroshlik qilib kelmoqda.
Bugun, 10-iyun kuni Urganch davlat universiteti rektori Baxrom Abdullayev hamda bir guruh universiteti vakillari Ibadullayeva Feruzaning yashash xonadoniga bordilar. U bilan suhbat boʻlib, qiziqishlari, kelajak maqsadlari haqida soʻradilar, zarur tavsiyalar berdilar. Feruzaning ayni paytdagi faoliyatiga kerakli ayollar goʻzallik saloni uchun zarur boʻlgan anjomlarni hadya qildilar. Qolaversa, adabiyotga qiziqishidan kelib chiqib, mahalladagi maktabda oʻquv kursi tashkil qilib berishni, kelgusida oliy maʼlumot olish uchun zarur sharoitlar yaratishda gʻamxoʻrlik qilishni bildirishdi.
Sobirov Sobirjon Shovot tumani “Xitoy” MFYda istiqomat qiladi. UrDU Jismoniy madaniyat fakulteti 4-bosqich talabasi, 2-guruh nogironi. Hozirda mahalla yoshlariga Karate va MMA sport turlaridan trenerlik qilib keladi. Bugun Urganch davlat universiteti rektori Baxrom Abdullayev hamda bir guruh universiteti vakillari Sobirjon trenerlik mashgʻulotini olib boradigan tumandagi 23-son maktabda boʻlishdi. Sport zalning sharoitlari bilan tanishdilar. Ayni paytda sport mashgʻuloti bilan shugʻullanayotgan mahalla yoshlarini kuzatib, ehtijoylari haqida soʻradilar. Sobirjonga faoliyatida zarur boʼlgan sport anjomlarini sovgʻa qildilar.
Shuningdek, Shovot tumaniga tashrif mobaynida “Poʻlat” MFYda istiqomat qiladigan, nogironligi boʻlgan Yusupova Shaxnozaning turmush tarzini yanada yaxshilash, moddiy yordam ko’rsatish maqsadida yashash xonadonida boʻldilar. Muammolari haqida soʻradilar, oila a’zolari bilan Shahnozaning maqsadlari va qiziqlari haqida suhbatlashdilar. Urganch davlat universiteti hamisha gʻamxoʻrlik qilishga tayyor ekanligini bildirdilar.
Darhaqiqat, ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlar bilan ishlash, ularga yetarli sharoit yaratib berish, ayniqsa, jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lgan imkoniyati cheklangan insonlarning rivojlanishiga ko‘mak berish bugunning eng muhim vazifalaridan biridir.