Urganch davlat universitetida so‘nggi yillarda juda katta o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zero, sifatli taʼlimning asosi qulay shart-sharoit hisoblanadi.
Bugun, 14-iyul kuni ana shunday bunyodkorlik ishlarining uzviy davomi boʻlgan zamonaviy Axborot-resurs markazini bunyod etishni maqsad qilgan marosim tashkil etildi. Ushbu marosimda universitet rektori Baxrom Abdullayev boshchiligida rahbariyat aʼzolari va uzoq yillardan buyon universitetda faoliyat yuritib kelayotgan yoshi ulug' professor-o'qituvchilar ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari qo'llarini duoga ochib, yangi ziyo maskani mustahkam bo'lishini, talabalarimizga bilim ulashishda uzoq yillar xizmati qilishini so'radilar, bu borada quruvchilarga kuch-quvvat tilab, ilk tamal toshini qo'ydilar.
Binoning qurilish maydoni 1830 m2 tashkil qilib, 5 qavatdan iborat ushbu majmuaning fasad qismi milliy arxitekturaviy ko‘rinishiga ega boʻladi. Yert to‘la qismi, asosan, adabiyotlarni saqlash xonasi, xo‘jalik xonasi va boshqa zaruriy xonalardan iborat boʻladi. Kutubxona binosining 1- qavatida 506 o‘ringa mo‘ljallangan faollar zali, universitet muzeyi boʻlishi rejalashtirilgan. Har bir qavatda 66 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv zali, kitoblar saqlash va konferensiya xonalari mavjud bo‘ladi.