Bugun, 23-sentabr kuni Urganch davlat universiteti Matbuot xizmati tashabbusi bilan OAV xodimlari va blogerlar uchun media-tur tashkil etildi.
Media-tur “Talabalar turar joylarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishuv” mavzusida boʻlib, viloyatimizning “Murojaat24.uz” internet nashri muhbiri N.Masharipov hamda ushbu sohaga qiziquvchan bir guruh yoshlar, Tabiiy va qishloq xoʻjaligi fanlar fakulteti talabalari ishtirok etishdi.
Tur davomida mehmonlar universitet masʼullari tomonidan oliygohning talabalar turar joylari bilan yaqindan tanishtirildi. Jumladan, TTJ lardagi yashash xonalari, nogironlar uchun maxsus xonalar, xorijdan kelgan professor-oʻqituvchilar uchun maxsus xonalar, kutubxona, kompyuter xonalari va sport zallar, oshxona, madaniy dam olish xonalari, shuningdek, turli toʻgaraklar uchun ajratilgan xonalar mehmonlar eʼtiboriga havola etildi.
Media-tur davomida ishtirokchilarga universitet talabalar turar joylarining sigʻimi, talabalarni yotoqxonaga joylashtirish tartibi, amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumotlar berildi, ularni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Maʼlumot oʻrnida, bugungi kunda Urganch davlat universitetida 3 100 sigʻimga ega 7 ta talabalar turar joyi mavjud. Universitetning Urganch tumani “Mustaqillik” koʻchasida joylashgan hududida yangi 7 qavatli, 600 oʻringa moʻljallab talabalar turar joyining qurilish ishlari olib borilmoqda.