Joriy yilning 18-noyabr kuni Urganch davlat universitetining Madaniyat saroyida “Bitiruvchilar forumi” anjumani oʼtkazildi. Unda Urganch davlat universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, hozirda viloyatimizdagi turli muassasa, korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan insonlar, senatorlar, tadbirkorlar va taʼlim sohasi fidoyilari mehmon boʼlishdi.
UrDU Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu anjumanda universitet rahbariyati, faxriy ustozlar, pedagog-xodimlar hamda barcha fakultetlardan bitiruvchi talabalar ishtirok etishdi.
Yoshlarni yurtimizning har javhasida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg’usini shakllantirish va ijtimoiy faolligini oshirish, davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlarni keng targ’ib etish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ilm-fan sohalarida yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan faol yoshlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, yoshlarning dunyoqarashi va fikrlash doirasini yanada kengaytirish, ularning ma’naviy barkamol shaxs va yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlarida ko‘maklashish, qolaversa, bugungi kunda Urganch davlat universitet bitiruvchilarini ish bilan ta’minlanganlik darajasini o’rganish maqsadida tashkil qilingan ushbu forumni UrDU rektori B. Abdullayev kirish soʻzi bilan ochib berdi va anjumanda qatnashayotgan barcha mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi.
Anjumanda Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boʼlim mudiri B.Tillayev, “Xalq taʼlimi aʼlochisi”, “Oliy taʼlim aʼlochisi”, “Sogʼlom avlod uchun” ordeni sohibi, UrDU faxriy professori X.Bobojonov, tadbirkor va senator F.Saʼdullayeva, "Tilla domor" xususiy korxonasi asoschisi, senator U.Sharipov, Xorazm viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi B.Boltayev, viloyat Yozuvchilar uyushmasi raisi, shoira G.Ibadullayeva, Xonqa tumanidagi 34-sonli maktabning Nemis tili oʻqituvchisi M.Poʻlatova va bir qator mehmonlar soʻzga chiqib, oʻz mehnat faoliyatlari haqida gapirdilar, talabalarga tanlagan sohasining yetuk mutaxassisi boʻlishlarida tavsiyalar berdilar. Hayotiy tajribalari bilan oʻrtoqlashib, jonli muloqot qildilar. Barcha sohalarda davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlarga alohida toʻxtaldilar.
Shuningdek, 2019-2023 yillarda universitetning Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakultetida tahsil olib, hozirda Italiyaning Kalabriya universiteti Moliya mutaxassisligi magistranti Nodirbek Jumaboyev Zoom orqali bogʻlanib, oʻzining xorijdagi tahsili haqida bitiruvchilarga gapirib berdi.
Forumning badiiy qismida maktab oʻquvchilarining chiqishlari namoyish etildi.