Xabar berganimizdek, Belarus milliy texnika universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Xaritonchik Sergey Vasilevich boshchiligida delegatsiya Urganch davlat universitetida mehmon boʼlmoqda.
Bugun delegatsiya aʼzolari oliygohning Texnika fakultetida boʼlib, sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Dastlab fakultet professor-oʼqituvchilari va doktorantlarining ilmiy-innovatsion loyihalari, ishlanmalari taqdimot qilindi. Energetika muammolari yechimiga qaratilgan innovatsion va startap loyihalar mehmonlarning diqqat eʼtiborini tortdi. Shuningdek, an’anaviy elektroenergetika sohasida energiya tejamkor innovatsion qurilma hamda elektr motorini silliq ishga tushirish qurilmasiga katta qiziqish bildirishdi.
Shundan soʼng, fakultetning Avtomobillarni elektr va elektron tizimlari, Mashina detallari, Qishloq xoʼjaligi texnikasi, Avtomobillarning tuzilishi va konstruksiyasi, Qurilish materiallari va buyumlari, Metralogiya hamda Materialshunoslik laboratoriyalarini borib koʼrdilar. U yerda mashgʼulot olib borayotgan talabalar bilan suhbatda boʼldilar.
Mehmonlarning Texnika fakulteti boʻylab sayohati zamonaviy tipda qayta taʻmirlangan, 2 qavatli Axborot - resurs markaziga tashrifi bilan yakunlandi.