“SANSKRIT BOBOTIL” KITOBI TAQDIMOTI BOʻLIB OʻTDI

Urganch davlat universitetida uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan faxriy ustoz, professor A.Jumaniyozov va shogirdi D.Jumaniyozovalar muallifligidagi “Sanskrit bobotil” kitobi ilmiy-ommabop risola sanaladi. Unda sanskritning paydo boʻlishi, yaralish makoni va zamoni, uning bashariyat tamaddunida tutgan oʻrni haqida qiziqarli fikr-mulohazalar bildirilgan. 

Bugun Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida Toshkentdagi Hindiston elchixonasi ikkinchi kotibi Mr.Sitesh Kumar boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari ishtirokida ushbu risolaning taqdimot kechasi oʻtkazildi.

Kitob taqdimotida muallif tomonidan “Sanskrit bobotil” asarining mohiyati haqida ishtirokchilarga maʼlumotlar berildi. Dunyoning eng qadimiy tillaridan boʻlgan sanskritda buyuk hind eposlari bitilganligi, bugungi kunda Xorazm shevalarida ushbu til qoldiqlarining baʼzilari saqlanib qolganligi va shunga oʻxshagan soʻzlarning 400 tasi ushbu kitobda tahlil qilinganligi haqidagi fikrlar taqdimot ishtirokchilari, qolaversa, hindistonlik mehmonlarning eʼtiborini tortdi.

Taqdimot kechasi ikki mamalakat xalqlarining madaniyatlari aks etgan badiiy chiqishlarga ulanib ketdi. Unda Xorijiy filologiya fakulteti talabalari tomonidan hindcha va xorazmcha kuy-qoʼshiqlar, sahna koʼrishishlari, goʼzal raqslar ijo etildi.

Yakunda Hindiston elchixonasi kotibi Mr.Sitesh Kumar soʼzga chiqib, hind xalqiga va madaniyatiga boʻlgan eʻtibor va qiziqish yuksak darajada ekanligini eʼtirof etib, chuqur minnatdorlik izhor qildi. Madaniy va gumanitar aloqalarni bundanda kengaytirish istagini bildirdi.