2023-yil 15-dekabr kuni Xorazm viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev hamda bir guruh IIB xodimlari Urganch davlat universitetida boʻlib, universitet talabalari bilan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” doirasida ochiq muloqot qildilar.
Shuningdek, mazkur uchrashuvda UrDU rektori Baxrom Abdullayev boshchiligida oliygoh rahbariyati, professor-oʻqituvchilari, tyutorlar hamda universitet profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.
Talaba-yoshlarning muammolarini oʻrganish, takliflarini tinglash, ular bilan erkin muloqot qilish va soha xodimlari tomonidan tegishli tavsiyalar berish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda dastlab is gazidan zaharlanish oqibatida jabrlangan fuqarolarning hayoti saqlanib qolganligi haqidagi videolavha namoyish etildi.
Xorazm viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev bilan erkin suhbat tarzida kechgan muloqotda bugungi kunda kundalik hayotimizda uchrayotgan turli jinoiy holatlar, muammoli va favqulodda vaziyatlar talabalarga hayotiy misollar bilan tushuntirilib, yoshlar ogohlikka chaqirildi. Yon-atrofimizda boʻlayotgan vaziyatlarga befarq boʻlmaslik uqtirildi.
Shuningdek, uchrashuvda talabalar ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq oʻzlarini qiziqtirgan savollariga masʼullardan javob oldilar. Oʼz navbatida, yurtimiz tinchlik va osoyishtaligini taʼminlashdagi beqiyos hissasi uchun minnatdorchilik izhor qildilar.
Uchrashuv davomida fuqorolar xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda ichki ishlar organlariga yaqindan amaliy yordam ko’rsatganliklari uchun Oʼzbek filologiyasi fakulteti 3-kurs talabasi S.Yo’mitboyeva hamda Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakulteti oʼqituvchisi X.Zaripovlarga, shuningdek, Urganch shahar profilaktika inspektorlari mayor M.Madrahimov va kapitan T.Sayidovlarga IIB boshlig‘i hamda UrDU rektorining Tashakkurnomasi hamda esdalik sovgʼalari topshirildi.
Uchrashuv yakunida Ichki ishlar boshqarmasi va Urganch davlat universiteti oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida soʻz yuritilib, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev ichki ishlar xodimlari va talabalar oʻrtasida sportning turli yoʻnalishlarida musobaqalar oʻtkazish, IIB xodimlari va talabalar uchrashuvlarini, profilaktik tadbirlar sonini oshirish borasida takliflar berdi.