Urganch davlat universiteti Akademik litseyi bitiruvchilariga diplomlari topshirildi

Bugun Urganch davlat universiteti Akademik litseyida bitiruvchi yoshlarning tantanali diplom topshirish marosimi bo’lib o’tdi. “Yangi O’zbekiston yoshlari, bilib qo’yki, seni Vatan kutadi” shiori ostida o’tkazilgan ushbu tadbirda so’zga chiqganlar katta hayot sari yo’l olayotgan oʻquvchilarga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirib, kelgusidagi o’qishlarida muvaffaqiyatlar tilashdi. 

Ta’kidlash joizki, bu yil litseyni 317 nafar o’quvchi muvaffaqiyatli tamomlagan boʻlib, ulardan 78 nafari imtiyozli diplom bilan tugatishdi. Shu bilan birga, litseyning 3 nafar o’quvchisi oltin va yana 3 nafari kumush medallar sohibi bo’lishdi. Bitiruv marosimida litsey direktori Otabek Raximov tomonidan “Akademik litsey iftixori” stipendiyasi sovrindorlariga sertifikatlar, shuningdek, a’lo xulqi, o’qishlardagi muvaffaqiyatlari, odob-axloqi va bilim egallashdagi alohida yutuqlari bilan tengdoshlariga o’rnak bo’layotgan o’quvchilarning ota-onalariga tashakkurnomalar taqdim etildi.

Bayram tadbirida bitiruvchi oʻquvchilar oʻzlarining badiiy chiqishlarini namoyish etishdi.