Urganch davlat universiteti Kengashi a’zolari Kimyoviy texnologiyalar fakultetida yigʻildi

Bugun, 29-iyun kuni Urganch davlat universiteti Ilmiy kengashi raisi, universitet rektori Baxrom Abdullayev boshchiligida kengashning barcha aʼzolari Kimyoviy texnologiyalar fakultetiga tashrif buyurishdi.  Dastlab fakultetning ilmiy innovatsion ko’rgazmasi bilan yaqindan tanishdilar. U yerda fakultet olimlari, doktorant va magistrlarining ilmiy loyihalari va innovatsion ishlanmalari namoyishga qoʻyilgan. Kengash aʼzolari koʻrgazmadan oʻrin olgan mahsulotlarga katta qiziqish bildirishdi.

Shuningdek, fakultetga tashrifi doirasida Xorazm innovatsion texnoparkida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni borib koʻrishdi. Fakultet professor-oʻqituvchilari va talabalarining ilmiy tadqiqotlari samarasida ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan oziq-ovqat mahsulotlarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishishdi.

Urganch davlat universiteti Kengashining 2023-2024-oʻquv yilidagi soʻnggi, 11-majlisi Kimyoviy texnologiyalar fakultetida oʻtkazildi. Kengash universitet rektori Baxrom Abdullayev raisligida va Kengash a’zolari ishtirokida bo‘lib o’tdi.

Dastlab anʼanaga muvofiq Kengash yig’ilishi jamoa uchun quvonchli xabarlar bilan boshlandi. Universitetning bir guruh professor-oʻqituvchilari, jumladan, I.Madaminov, S.Ro’zmetov va O’.Rajabovlarga Dotsentlik diplomlari hamda U.Rahimova, N.Sattarov, G.Saparova va M.Bekchanovalarga PhD diplomlari topshirildi.

Talabalarimizning yutuqlari ham alohida eʼtirof etildi. Xususan, “Mirzo Ulug’bek vorislari” Respublika tanlovining 2024-yilgi bosqichi ishtirokchilari D.Davletova, U.Baltabayeva, D.Ismoilovlarga sertifikatlari hamda U.Baltabayevaga 6 800 000 so'mlik vaucher topshirildi. Shu bilan birga,  “Yangi O’zbekiston: Ilm qaldirg’ochlari – 2024” III-xalqaro talabalar simpoziumida “Qurillish materiallari va innovatsiyalarni ishlab chiqarish uchun eng yaxshi kichik innovatsion texnologiyalari va loyihalari” nominatsiyasi bo’yicha g’oliblikni qo’lga kiritgan A.Axmadjonov hamda “Viloyat hokimi stipendiyasi” sohiblari A.Masharipov, D.Quvondiqova, D.Saʼdullayeva va S.Abdusharipovalarga tashakkurnomalar taqdim etildi. 

Shundan so’ng, kengash kun tartibidan o’rin olgan masalalar yuzasidan o’z ishini davom ettirib, masʼullarning hisobot va axborotlari tinglandi. Lavozim va ilmiy darajalar uchun saylovlar oʻtkazildi.