Filologiya va san'at fakulteti tashabbusi bilan an'anaviy tarzda o'tkazilib kelinayotgan "She'riyat shohsupasi" ko'rik-tanlovining final soni mumtoz shoir Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy siymosiga bagʻishlandi. Tadbirda fakultet professor-o'qituvchilari va talaba-yoshlari ishtirok etdi. Tanlovni universitet birinchi prorektori D.Ibadullayev ochib berib, shoir shaxsi va uning ijodiy mahorati borasida fikrlarini bildirdi.
Tanlovda fakultetning 8 nafar talabasi 2 ta shart asosida o'zaro bellashdilar. Badiiy qismda 211-guruh O'zbek tili ta'lim yo'nalishi talabalarining chiqishlari namoyish etildi. Ulugʻ adib Ogahiy hayoti va ijodini tarannum etuvchi she'r, kuy-qo'shiq va go'zal raqslar, sahna koʻrinishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
"She'riyat shohsupasi" ko'rik-tanlovi final sonining ikkinchi qismi Rus tili ta'lim yo'nalishi talabalari oʻrtasida Aleksandr Sergeyevich Pushkin ijodi yuzasidan o'tkazilib, unda talabalar oʻz bilim va salohiyatlarini namoyish etdilar.
Tanlov yakunida O'zbek tili ta'lim yo'nalishi talabasi Anaxon Botirova hamda Rus tili ta'lim yo'nalishi talabasi Olesya Mutallapova mutloq g'oliblikni qo'lga kiritib, universitet tomonidan bazaviy stipendiyaning 10 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Gʻoliblikni qoʻlga kiritgan hamda faol ishtirok etgan talabalarni birinchi prorektor D.Ibadullayev hamda fakultet dekani D.Gʻayipov samimiy tabriklab, tashakkurnoma, pul mukofoti vaucheri, faxriy yorliq hamda esdalik sovgalarini taqdim qildilar.