Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan

Joriy yilning 7-fevral kuni Filologiya va sanʼat fakulteti tashabbusi bilan buyuk mutafakkir, o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi Alisher Navoiy ijodini chuqur o‘rganish, uning bebaho merosini keng targ‘ib qilish maqsadida "Navoiyxon talaba" ko‘rik-tanlovining final bosqichi tashkil etildi.

Anʼanaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan ushbu tanlov universitet talabalarining Navoiy asarlari bo‘yicha bilim va tafakkurini sinovdan o‘tkazuvchi muhim maydon sifatida namoyon bo‘ldi. Final bosqichi ishtirokchilarning savol-javoblari, bahs-munozaralari hamda atoqli shoir lirikasidan o‘qilgan namunalar orqali yanada mazmunli va qiziqarli tarzda o‘tdi. 

Tanlov uch bosqichda o‘tkazilib, har bir shart ishtirokchilarning Navoiy ijodini qay darajada chuqur o‘rganganliklarini namoyish etdi. Ushbu jarayon talabalar tafakkurini boyitish bilan birga, ularning ijodiy va notiqlik qobiliyatlarini rivojlantirishga ham xizmat qildi.

Tanlovning badiiy qismida Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili ta’lim yo‘nalishi 231-guruh talabalarining chiqishlari alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Ularning ijrosidagi sahna ko‘rinishi Navoiy asarlarining mazmun-mohiyatini jonli va ta’sirchan tarzda namoyon etdi. Shuningdek, buyuk shoir g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlar hamda nafis raqslar ijro etilib, tomoshabinlarga katta zavq ulashdi. Ushbu badiiy chiqishlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, Navoiy merosining teran va betakror go‘zalligini his etishga imkon yaratdi.

Tanlov yakunida O'zbek tili ta'lim yo'nalishi talabasi Gulasal Kurbanova mutloq g'oliblikni qo'lga kiritib, universitet tomonidan bazaviy stipendiya miqdorining 10 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Gʻoliblikni qoʻlga kiritgan hamda faol ishtirok etgan talabalarni Filologiya va san'at fakulteti dekani, f.f.d., prof. D.Gʻayipov samimiy tabriklab, tashakkurnoma, pul mukofoti vaucheri, faxriy yorliq hamda esdalik sovg'alarini taqdim qildilar.