Joriy yilning 14-fevral kuni Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida Filologiya va sanʼat fakulteti tashabbusi bilan oʻtkazilib kelinayotgan "She’riyat shohsupasi" ko‘rik-tanlovining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlovda o‘zbek va rus tili yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘zaro bellashib, buyuk shoirlarning ijodiy merosini targ‘ib etdilar.
Ko‘rik-tanlovni Filologiya va san’at fakulteti dekani, f.f.d., professor D. G‘ayipov ochib berib, buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi haqida toʻxtaldi. Badiiy so‘z san’ati, she’riyatning inson ma’naviy olamini boyitishdagi o‘rni hamda yoshlarning bunday musobaqalarda ishtirok etishi muhimligi haqida so‘z yuritdi.
Tanlovning ushbu bosqichi O‘zbek tili yo‘nalishi talabalari uchun Zahiriddin Muhammad Bobur va Omon Matjon, Rus tili yo‘nalishi talabalari uchun Jukovskiy Andreyevich Vasiliy ijodi asosida tashkil etildi.
Tanlov shartlari:
Ifodali yod o‘qish – ishtirokchilar tanlangan ijodkorlarning 10 ta she’rini badiiy ijroda yoddan o‘qishdi.
Bahr-u bayt – ishtirokchilar yod olgan she’rlari asosida o‘zaro musobaqalashishdi.
Bellashuvlar juda qizg‘in va maroqli kechdi. Talabalar ijodkorlarning asarlarini yurakdan his etib, o‘ziga xos talqinda taqdim etdilar. Tanlovda Urganch shahar 6-son umumta'lim maktabining 3-sinf o'quvchilari mehmon bo'lishib, go'zal raqslar ijro etishdi.
Hay’at a’zolari, jumladan, Filologiya va san’at fakulteti “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri, dotsent B. Rahimova ishtirokchilarning chiqishlarini munosib baholab, tanlov g‘oliblarini aniqladi.
G‘oliblar:
1-o‘rin: Rahmanova Iroda (231-o‘zbek tili guruhi)
2-o‘rin: Saidova Mashhura (243-o‘zbek tili guruhi)
3-o‘rin: Sotiboldiyeva Munisa (242-o‘zbek tili guruhi)
Bundan tashqari, tanlovda faol ishtirok etgan boshqa talabalar ham rag‘batlantirilib, ularga faxriy va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mazkur tanlov yoshlarning she’riyatga bo‘lgan mehrini oshirish, buyuk adabiy merosni targ‘ib etish va badiiy nutq mahoratini rivojlantirishga xizmat qilib, barcha ishtirokchilar va tomoshabinlarga unutilmas taassurot qoldirdi.