Bugun Xitoyning “Meecool” xalqaro ta’lim guruhi vakillari Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida mehmonlar bilan universitet rektori v.v.b. S.Xodjaniyazov boshchiligida rahbariyatning rasmiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda ikki tomonlama ta’lim sohasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi. Eng asosiy masala — “Xitoy-O‘zbekiston amaliy o‘quv markazi”ni qo‘shma tashkil etish bo‘yicha kelishuv shartnomasini imzolash bo‘ldi. Ushbu markaz xitoy tilini o‘qitish, xalqaro miqyosda tan olingan HSK imtihonlarini o‘tkazish, shuningdek, kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish va amaliyotga joylashtirish imkoniyatlarini ko‘zda tutadi.
Markazning asosiy vazifasi — O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan, ayniqsa investitsiyalar kiritayotgan Xitoy korxonalariga yuqori malakali mahalliy texnik mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Bu esa nafaqat ta’lim sifatini oshirish, balki ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Urganch davlat universiteti hududida barpo etiladigan bu markaz, yosh avlodga zamonaviy ta’lim imkoniyatlarini taqdim etib, kelajakda mintaqamizda yangi avlod texnik mutaxassislarini yetishtirishda poydevor bo‘ladi.
Rasmiy uchrashuvdan so‘ng mehmonlar Urganch davlat universitetining yangi Axborot-resurs markazi va talabalar turar joylari bilan tanishdilar.
©️UrDU Matbuot xizmati