21-oktabr —O'zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan bugun UrDU Madaniyat saroyida "Davlat tili taraqqiyoti: muammo va yechimlar" mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi.

Anjumanda Xorazm viloyati Yozuvchilar uyushmasi a'zolari, universitet professor-o'qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Konferensiya ishi Filologiya fakulteti dekani D.G'ayipov moderatorligida o'tkazildi.

Anjumanni UrDU rektori  f-m.f.d. B.Abdullayev ochib berib, tilimizning millat tarixi va bugunidagi o'rni, ahamiyati haqida o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Konferensiya davomida O'zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, f.f.n., dots. A.Primovning "Zafarnoma"da til masalalari", f.f.d., dots. A.O'rozboyevning "Noyob manbalar tadqiqi ona tilimiz rivoji uchun muhim hissa sifatida", f.f.d., dots. D.Yo'ldoshevning "Til taraqqiyotida nom va jamiyat masalalari", f.f.n., dots. S.Ro'zimboyevning "Til va madaniyatning bog'liq jihatlari xususida" mavzusidagi ma'ruzalari tinglandi.

Shundan so'ng, Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat bo'limi rahbari Gavhar Ibodullayeva, uyushma a'zolari Boltavoy Bekmetov, O'ktam Davletov, shoira Bibi Maryamlar o'zlarining betakror shevamiz namunalari ishtirok etgan ijod namunalaridan parchalar keltirdilar.

Konferensiya yakunida 2021/2022-o'quv yilida o'tkazilgan "Yosh notiqlar" bellashuvining final bosqichida 1-o'rinni olgan N.Saparmatova hamda "Navoiyxon talaba" ko'rik-tanlovining final bosqich g'olibi 196-guruh talabasi M.Bozorboyevalarga universitet rahbariyati tomonidan planshet taqdim qilindi. Shunindek, davlat tilining 33 yilligi munosabati bilan universitet miqyosida o'tkazilgan turli xil tanlovlarda o'z insholari, audio she'rlari va videoroliklari bilan ishtirok etib, g'oliblikni qo'lga kiritgan talabalar ham diplom va esdalik sovg'alar bilan taqdirlandilar.