Bugun Xiva shahri “Ichan qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasi hududida “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tmoqda. Madaniyat va turizm vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirdan maqsad Xorazmning agroturizm salohiyati namoyishi, vohaning qadimiy polizchilik tajribasini, shirin-shakar qovun-tarvuzlar va bog‘dorchilik mahsulotlarining noyob tur va navlarini keng ommalashtirishdir.
Ushbu qovun saylida Urganch davlat universiteti o‘ziga ajratilgan povilonda o‘z tajriba dalasida yetishtirgan mevalar va poliz ekinlari, shuningdek, Kimyoviy texnologiyalar fakulteti professor-o‘qituvchilari tomonidan qovun, handalak va tarvuzni chiqindisiz texnologiya asosida qayta ishlash orqali 30 nomdagi 93 tur bir-biridan farq qiluvchi eksponatlar bilan faol qatnashmoqda.
Sayilga tashrif buyurgan xorijlik hamda respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan mehmonlar Urganch davlat universiteti poviloniga tashrif buyurib, qovun va turli poliz ekinlaridan tayyorlangan mahsulotlarga katta qiziqish bildirishmoqda.