Ayni kunlarda taʼlim muassasalarida talaba-yoshlar ishtirokida “Referendum va yoshlar” forumlari tashkil etilmoqda. Gala-konsert ko‘rinishida o‘tayotgan bunday forumlarda mamlakatimizdagi muhim siyosiy voqelik – referendumning ahamiyati, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati yoshlarga batafsil tushuntirilmoqda.
2023-yil 26-aprel kuni ana shunday “Referendum va yoshlar” forumi Urganch davlat universitetida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishni maqsad qilgan ushbu forum 2 500 nafar talaba-yoshni qamrab oldi.
Tadbirda olimlar, adib va yozuvchilar, deputatlar va tadbirkorlar, turli xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblari, sport bo‘yicha Jahon va Osiyo chempionlari ishtirok qildi.
UrDU Yoshlar masalalar va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, tarix fanlari doktori, professor S.Davletov kirish soʻzi bilan boshlab bergan targʻibot chiqishlarini Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, Urganch tumani “Fayz-baraka” MCHJ rahbari, tadbirkor Sh.Xudayberganov, Iqisodiyot fakulteti dekani, iqtisodiyot fanlari doktori, professor I.Abdullayev, Filologiya fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori D.Gʻayipov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, filologiya fanlari doktori, professor A.Oʻrazboyev, iqtisodiyot fanlari doktori, professor B.Roʻzmetov, Xalq deputatlari Yangiariq tuman Kengashi deputati, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi, Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi, Tarix fakulteti talabasi I.Madrimov, UrDU magistranti, Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi S.Allanazarovlar davom ettirib, yangi tahrirdagi Konstitusiyamizning mamlakatimiz hayotida tutgan o‘rni, unga kiritilayotgan qo‘shimchalar va o‘zgarishlar xalqimizning turmush tarzini yanada farovonlashishiga, inson qadrini bundan-da yuksalishiga xizmat qilishini ta’kidlab, barchani 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirishdi.
Tantanali konsert dasturida elimiz suygan, vohamizning taniqli sanʼatkorlari San'at Safo, Bekzod Rahmon, Hamdam To'rayev, Elyorbek Sodiqovlar, shuningdek, Musiqa ta’limi yo‘nalishining yosh umidli xonandalari ham ishtirok etib, oʻzlarining milliy va zamonaviy kuy-qoʻshiqlari bilan talaba-yoshlarga bayramona kayfiyat ulashdilar.