RASMIY MUNOSABAT
Shu yilning 14-sentabr sanasida ijtimoiy tarmoqlarda “Urganch davlat universiteti: 2-semestrdan qarzdor talaba oʻqishga qabul qilinmayapti” sarlavhali post tarqaldi. Xabarda Toshkent amaliy fanlar universitetidan Urganch davlat universitetiga oʻqishini koʻchirmoqchi boʻlgan fuqaroning murojaati berilgan.
Xabarda keltirilgan holat yuzasidan Urganch davlat universiteti quyidagilarni bildiradi:
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 4-sentabrdagi 2/10-2299-sonli xatiga asosan, “2023/2024 o‘quv yili uchun o‘qishi ko‘chirilishi (qayta tiklanishi) ruhsat etilgan talabalarning kursini va boshqa shartlarini belgilash, shu jumladan, fanlar farqini hisoblash oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan talabalarning GPA ko‘rsatkichini inobatga olgan holda amalga oshirilishi” ko‘rsatilgan.
Urganch davlat universitetiga o‘qishini Toshkent amaliy fanlar universiteti nodavlat oliy ta’lim muassasasidan ko‘chirishga tavsiya etilgan Muxammadjonova Xayriniso Azamat qizi 1-semestr fanlarini to‘liq o‘zlashtirgan, ammo 2-semestrda o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan birorta fandan o‘zlashtirmagan (ya’ni baholari yo’q). Natijada Vazirlik ko’rsatmasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, talabaning GPA balli ko‘rsatkichi 2.5 chiqdi. Bu esa Urganch davlat universitetining 2022-yil 3-noyabr 3-sonli majlisida qabul qilingan GPA o‘tish balli 2.7 dan kamdir.
Shuning uchun talabaga 1-kursning 2-semestridan o’qishini davom ettirishi yoki 2-kursan davom ettirishi uchun oldingi o’qigan universitetidan 2-semestrda o’zlashtirgan baholarini akademik ma’lumotnoma (transkript)ga to‘liq tushirib kelishi bildirilgan.
Urganch davlat universiteti masʼullari mazkur murojaatni oʻrganish chogʻida talaba bilan bogʻlandi va qayta tushuntirishdi. Talaba tomonidan holat notoʻgʻri baholagani bildirildi.