Bugun, 20-dekabr sanasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan ushbu media turda viloyatimizdagi jurnalist va blogerlar ishtirok etdi. Tur davomida universitetimizda talab-yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida yaratilgan shart-sharoitlar borib koʻrildi, to’garak va loyihalar bilan tanishildi.
Xususan, Urganch davlat universitetida Axborot resurs markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Bugungi kunda universitet bosh axborot-resurs markazi 5 boʻlimdan iborat boʻlib, kompyuter va o‘quv zallari, kitob fondlari xonalari, talabalar turar joyidagi kompyuter va o‘quv zallari, fakultetlardagi 8 ta axborot kutubxonalari hamda mahallarda joylashgan 2 ta filial axborot kutubxonalarida markaz xodimlari birdek xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Hozirda Axborot-resurs markazining umumiy kitob jamg‘armasi 22308 nomda 306698 nusxadagi adabiyotlardan iborat bo‘lib, Axborot-resurs markaziga jami 29424 nafar kitobxon a’zo. Shuningdek, nogironligi bor bo‘lgan, ko‘zi ojiz talabalar uchun ham Brayl yozuvidagi adabiyotlar bilan maxsus jihozlangan xonalar mavjud.
Media-turda ishtirok qilayotgan “Hurriyat.uz” internet nashri muharriri Qahramon Eshchanov universitet Axborot-resurs markazi aʼzosiga aylandi.
Qolaversa, talaba-yoshlarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida Urganch davlat universitetida qator loyiha va to‘garaklar tashkil qilingan. Jumladan, “Tafakkur gulshani” intellektual o‘yinlari, “Tarixiy-badiiy asarlar bilimdoni”, “Kitobxon talaba”, “Navoiyxon talaba”, “She’riyat shohsupasi”, “Yosh notiqlar”, “Talabaning bir kuni”, “Zakovat kuni”, “Zakovat talabalar ligasi” singari qator loyihalari shular jumlasidan sanaladi.
Bularning orasida “Kitobxon talaba”, “Navoiyxon talaba”, “She’riyat shohsupasi”, “Yosh notiqlar” tanlovlari universitetning har bir fakulteti talabalari ishtirokida har oy muntazam o‘tkazilib, yil yakunida universitet bosqichida final sonida g‘oliblar rahbariyat tomonidan noutbuk bilan taqdirlanadi.
Media-tur ishtirokchilar tur davomida Alisher Navoiy ijodini, boy adabiy merosini chuqur oʻrganish, uning asarlari mazmun-mohiyatini teran anglash maqsadida muntazam oʻtkazilib kelinayotgan “Navoiyxon talaba” ko‘rik- tanlovining navbatdagi sonida ham ishtirok etdilar.