2024-yilning 3-10-iyun kunlari Urganch davlat universiteti tomonidan hamkor oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun Yozgi turizm maktabi tashkil etilmoqda. Ushbu maktabda Respublikamiz hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan jumladan, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetidan 8 nafar talaba va 2 nafar o‘qituvchi hamda Xitoyning hamkor Gansu qishloq xo‘jaligi universitetidan 15 nafar talaba va 2 nafar o‘qituvchi ishtirok etilishi belgilangan.
Yozgi turizm maktabi loyihasidagi talabalar Urganch davlat universiteti Tabiiy va qishloq xo‘jaligi fanlari fakulteti, Ijtimioy-iqtisodiy fanlar fakultetining “Tarix” va “Turizm” kafedralari, Oʻzbek filologiyasi fakultetining “Rus tili va adabiyoti” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan olib boriladigan dars mashg‘ulotlarida ishtirok etishadi. Qolaversa, Xorazm viloyatining turistik maskanlariga sayohat ham loyiha dasturidan joy olgan.
Bugun, 4-iyun kuni ushbu loyihada ishtirok etish uchun universitetimizga kelgan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti talabalari bilan Urganch davlat universiteti rektori B.Abdullayev hamda Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor Gʻ.Oʻrazboyevlarning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda rektor B.Abdullayev talabalar bilan samimiy suhbatlashdi. Universitetda bu kabi yozgi maktablarning anʼanaviy tarzda tashkil etilishi hamda ularga Respublika va xorijiy universitet olimlarining jalb etilishi, Xorazm viloyatidagi turistik hududlar, “Qatag’on qurbonlari xotirasi” muzeyi, Bog’ot tumanidagi “Qalajiq qal’a” maskani hamda Xiva “Ichan qalʼa” majmualariga sayohatlar uyushtirish borasida suhbatlashdi.