Maqom san'ati: ilm, ijod va amaliyot birligida!

Bugun, 25-aprel kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Filologiya va san'at fakulteti hamda O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda  "O'zbek maqomotining ilmiy-nazariy, ijodiy va amaliy asoslari" mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarni universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Z.Ibragimov kirish so'zi bilan ochib berib, o'zbek milliy musiqa madaniyatining yuksak namunasi hisoblangan maqom san'ati haqida o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Mazkur tadbir doirasida ma'naviy-madaniy boylikni chuqur ilmiy tahlil qilish, yosh avlodga yetkazish maqsadida o'zbek maqomotining tarixiy ildizlari, uning xalq og'zaki ijodi bilan mushtarakligi, maqomlarning tuzilishi hamda mumtoz adabiyot bilan uzviy aloqasi muhokama qilindi.

Seminar ilmiy-uslubiy jihatdan katta ahamiyat kasb etib, maqomni chuqur o'rganish va targ'ib qilish borasidagi dolzarb masalalarni yoritishga xizmat qildi.

Xususan, anjumanda Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, san'atshunoslik fanlari nomzodi, dotsent I.Dadadjanova, ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kotibi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent J.Ahmedov, ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri, san'atshunoslik fanlari nomzodi, dotsent A.Abdurashidov hamda san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent R.Boltayevlar mehmon sifatida ishtirok etib,  “O‘zbekistonda maqom ta’limi”, “Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida oliy ta'limdan keyingi ta'lim masalalari”, “Shashmaqom ijrochilik san’atida an’analar vorisiyligi”, “Xorazm tanbur chizgʻilari” kabi mavzularda ma'ruzalar qilishdi.

Seminar yakunida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti jamoasi nomidan anjuman ishtirokchilariga milliy san'atga bo'lgan hurmat va e'tibor ifodasi sifatida tashakkurnoma va esdalik sovg'alari topshirildi.