“Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” — O‘zbekiston bag‘rikeng diyor

Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida “16-noyabr — Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” shiori ostida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda turli millat va din vakillari, hamkor tashkilotlar mas’ullari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi. Uchrashuv universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Z.Ibragimov moderatorligida olib borildi.

Davra suhbatida Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari R.Sobitov, “O‘zbek–turkman” do‘stlik jamiyati faoli, “Ulli Hovli” majmuasi rahbari D.Rajabov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakili o‘rinbosari X.Kenjayev so‘zga chiqib, mamlakatimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr bildirdilar.

Tadbirning asosiy maqsadi — jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni yanada kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Davra suhbatining badiiy qismida turli millat vakillari o‘z xalqining boy madaniy merosini, milliy qo‘shiqlari va raqslari orqali namoyish etishdi. Ularning chiqishlari bag‘rikenglik va do‘stlik qadriyatlarining yurtimizda nechog‘lik mustahkam ildiz otganini yana bir bor ko‘rsatdi.

O‘zbekiston – barcha millat va elat vakillari uchun yagona Vatandir!